Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkiliy bo‘ysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5815-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari O‘zbekistonning iqtidorli yoshlarini aniqlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Asosiy vazifalar:
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish;
- davlat ta’lim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik tuyg‘ularini, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirish;
- xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu muassasalardagi bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirish.
Agentlik tarkibi va tuzilmasi:
Agentlik tarkibi 14 ta Prezident maktablari, 9 ta Ijod maktablari, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar, 2 ta Sport maktablari, 1 ta bolalar sog'lomlashtirish markazi, 1 ta Oliy ta'lim muassasasi va 1 ta ilmiy amaliy markazdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Aloqa ma'lumotlari:
- Manzil:Toshkent shahri Yashnabod tumani Mahtumquli ko‘chasi, 1A uy;
- Telefon: +99871 207 20 17;
- Elektron pochta: info(at)piima.uz;
- Veb-sayt: piima.uz.
Agentlikning faoliyati doirasida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar va yangiliklar bilan siz rasmiy veb-saytimiz orqali tanishishingiz mumkin.